AsosiyJamiyat

"Bo‘lsa xafa qilaman" — Qo‘rg‘ontepa hokimi bemorni dorixonaga yubormaslikni buyurdi

Ҳолат юзасидан тиббиёт бирлашмаси раҳбари изоҳ берди.

'"Bo‘lsa xafa qilaman" — Qo‘rg‘ontepa hokimi bemorni dorixonaga yubormaslikni buyurdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘rg‘ontepa hokimining shifoxona rahbariga “bemor tashqaridan dori olmasin” deb topshiriq bergani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan tibbiyot birlashmasi rahbari izoh berdi.

Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi Alisher Xalilovning tibbiyot birlashmasi rahbariga telefonda “Dorini ko‘chadan olmasin, hammasini shu yerdan qildirib bering. Biror narsa tashqaridan olsa — xafa qilaman”, degani tushirilgan video ijtimoiy tarmoqlarda muhokama markaziga aylandi.

Ma’lum qilinishicha, hokim tun vaqtida shifoxonani ko‘zdan kechirgan va davolanayotgan ikki oylik chaqaloqni ko‘targan ona bilan suhbatlashgan. Shifokor bolada immunitet pastligi onaning homiladorlik davrida kamqonlik bilan bog‘liq bo‘lganini aytgan.

Holat yuzasidan Qo‘rg‘ontepa tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Yodgorbek Bo‘ronov izoh berdi. Uning aytishicha, bola shu vaqtgacha davlat tomonidan beriladigan dori vositalari bilan davolanib kelgan va tashqaridan hech qanday dori xarid qilinmagan.

“Bunday topshiriqlar ko‘p bo‘lib turadimi?” degan savolga Bo‘ronov: “Yo‘q, ko‘p emas — yiliga bir-ikki marta. Sharoyati bo‘lmasa, yonimizdan yordam qilamiz”, — deb javob bergan.

Ushbu holat tibbiyot muassasalaridagi ta’minot masalalari va hokimlarning aralashuvi borasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

    Boshqa yangiliklar