Bojxona qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, 2025 yilning yanvar–oktyabr oylarida respublikada 12 848 ta giyohvandlik jinoyati aniqlandi. Shu davrda 2 tonna 761 kilogramm giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi preparatlarning noqonuniy aylanishiga chek qoʻyildi.
Sentabr–noyabr oylarida esa 3614 ta bunday jinoyat qayd etilgan. Ularga aloqador 2346 kishi qoʻlga olingan boʻlib, ular orasida 194 nafar ayol va 984 nafar yoshlar bor. Uch oy ichida 447 kg giyohvandlik moddalari, 17 kg sintetik moddalar va 84 litr prekursorlar musodara qilindi.
Shuningdek, internet orqali giyohvand moddalar savdosiga oid 465 ta holat hamda 2,2 mingta narkografiti faktlari aniqlandi.
Qoʻmita soʻnggi yillarda mamlakatda giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyatlar keskin oshib borayotganini qayd etgan. Agar 2021 yilda 7142 ta jinoyat aniqlandan boʻlsa, 2024 yilda bu koʻrsatkich 12 278 taga yetgan, 2025 yilda esa bu raqam bundan ham yuqori boʻlishi kutilmoqda.
Yashirin narkolaboratoriyalar soni ham oshmoqda: 2021 yilda 4 ta laboratoriya fosh etilgan boʻlsa, 2025 yilda bu koʻrsatkich 12 taga chiqqan. Sintetik giyohvand moddalar musodara qilinishi ham yildan-yilga koʻpaymoqda — joriy yilning oʻzida 90 kg sintetik modda olib qoʻyilgan.
Bundan tashqari, 2025 yil boshidan beri 531 kg gashish musodara qilingani, bu soʻnggi besh yildagi eng yuqori koʻrsatkich ekani taʼkidlanmoqda.






