Issiq suv va issiqlik tariflarining oshirilishiga tabiiy gaz, elektr energiya, suv — uchta asosiy resurs narxlarining oshishi sabab bo‘lishi ta'kidlanmoqda.
2026 yilda issiq suv va issiqlik ta'minoti tariflari oshiriladi, dedi "Issiqlikta'minoti" AJ boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev Qurilish va uy-joy xo‘jaligi vazirligi tomonidan e'lon qilingan videoda.
Uning qayd qilishicha, issiq suv va issiqlik tariflarining oshirilishiga tabiiy gaz, elektr energiya, suv — uchta asosiy resurs narxlarining oshishi sabab bo‘ladi.
"Ularning narxiga qarab o‘zimizning narxlarimizni qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lamiz. Buni har doim aholiga og‘irligi tushmaydigan holada qilishni rejalashtiramiz.
Bugungi kunda, bir gigakaloriya (Gkall) issiq suv ishlab chiqarish tannarxi hududlar kesimida o‘rtacha 500 ming so‘m bo‘lsa, uning 75-80 foizi davlat tomonidan subsidia sifatida qaytariladi. Bu insonlar qiynalmashligi uchun davlat tomonidan berilgan bir yengillik — subsidia. Qachongacha subsidiada qolamiz, qachon tannarxga chiqamiz, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Men aniq aytaman: bizda ishlab chiqarish tannarxini tushirgan holda subsidiadan chiqib ketish belgilangan. To‘g‘ri, aholiniki ham oshadi, qancha miqdorda aholiga ham yuk tushadi. Lekin birinchi navbatda bizning korxonalarning oldida qo‘yilgan vazifa — bu ishlab chiqarish tannarxini tushirish" dedi Ilhom To‘rayev.






