Kecha, 19 noyabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida AQShning Nyu-York shahri meri Erik Adams boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda palata raisining maslahatchisi Umid Safarov, O‘zbekistonning yetakchi tadbirkorlari hamda bir qator biznes uyushmalari vakillari ishtirok etgan.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini rivojlantirish va ikki hudud o‘rtasidagi biznes aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.
Uchrashuv davomida Umid Safarov tomonidan o‘zbekistonlik tadbirkorlarni AQSh kapital bozorlariga tayyorlash maqsadida Nyu-York fond birjasi bilan hamkorlik o‘rnatish, mamlakatda AQShning yetakchi universitetlari bilan biznes maktabi va akseleratsiya dasturlari yaratish, shuningdek, Toshkentda qo‘shma kasb-hunar kollejini ochish taklif etilgan.
Kichik biznes uyushmasi raisi Kamolat Mirzaaliyeva esa Nyu-York kichik biznes birlashmasi bilan hamkorlik o‘rnatish va mahalliy mahsulotlarni AQSh bozoriga eksport qilishda ko‘mak so‘ragan.
Tadbirkorlar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Amerika bozoriga etkazib berishni kengaytirish, biokimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish va innovatsion loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirilgan.
"Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tib, ikki tomonlama biznes hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmokda", deyiladi xabarda.






