AQSh prezidenti Donald Trump 10 noyabr kuni Truth Socialdagi sahifasida maosh to‘lanishi kechikkan davrda ishga chiqmagan aviadispetcherlarni “jiddiy maosh qisqarishi” kutmoqda, deb yozdi. Uning ta’kidlashicha, “barcha aviadispetcherlar darhol ishga qaytishi shart”.
Trump, shuningdek, ishni davom ettirayotganlarni “ulkan vatanparvarlar” deb atab, ularga 10 000 dollar miqdorida mukofot berilishini taklif qildi.
AQShda 40 kundan ortiq davom etayotgan shtadaun sabab ko‘plab dispetcherlar ikki oydan beri maosh ololmagan. Natijada kasallik ta’tili va ishdan bo‘shash holatlari ko‘paygan.
Fuqaro aviatsiyasi federal ma’muriyati (FAA) mamlakaddagi yirik 40 aeroportda kunlik parvozlar sonini qisqartirish buyrug‘ini berdi. Bu ko‘rsatkich yaqin kunlarda 10 foizgacha o‘sishi kutilmogda.
Trump ishdan bo‘shashni o‘ylayotganlarga murojaat qilib, “hech ikkilanmasdan, hech qanday kompensatsiyasiz” bunday qilishni tavsiya etdi va ular “haqiqiy vatanparvarlar” bilan almashtirilishini aytdi.






