Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Qumqo‘gon tumanida o‘qituvchi o‘zini yoqib yubormoqchi bo‘lgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Munosabatda bildirilishicha, mazkur maktab Arpapoya mahallasida joylashgan bo‘lib, u yerda 2010 yildan 2025 yil 16 sentyabrgacha Z.A. direktor lavozimida ishlagan. Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining 2025 yil 16 sentyabrdagi buyrug‘i bilan Z.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq bekor qilingan.
Shundan so‘ng sobiq direktor yangi rahbar faoliyatini boshlashiga qarshilik ko‘rsatgan. 2025 yil 13 oktyabr kuni maktabda tayinlov hujjatlari topshirilishi chog‘ida Z.A. tomonidan faol qarshilik bo‘lgan, biroq hech kim tan jarohati olmagan.
Boshqarma qaroriga ko‘ra, 39-sonli maktab rahbarligiga tegishli tartibda E.A. tayinlangan. Bugungi kunda maktabda o‘quv jarayoni barqaror holatda davom etmoqda.






