Amazon kompaniyasi 30 mingtagacha ofis xodimlarini ishdan bo‘shatish jarayonini boshladi. Reutersning yozishicha, bu qaror pandemiya davrida ortiqcha ishchi yollangani va xarajatlarni kamaytirish zarurati bilan izohlanmoqda. Qisqartirish kompaniyaning 1,55 million ishchisining kichik qismini, biroq 350 ming korporativ xodimning qariyb 10 foizini tashkil etadi. Bu 2022 yildan buyon Amazondagi eng yirik qisqartirish bo‘lishi kutilmogda. Eng ko‘p o‘zgarishlar inson resurslari (PXT), qurilma va xizmatlar hamda Amazon Web Services (AWS) bo‘limlariga ta’sir qiladi. Ayrim bo‘limlarda qisqartirish 15 foizgacha yetishi mumkin. Amazon rahbari Endi Jassi bu qarorni kompaniyadagi byurokratiyani kamaytirish va sun’iy intellekt yordamida samaradorlikni oshirish maqsadi bilan tushuntirgan. Unga ko‘ra, AI texnologiyalari takroriy vazifalarni avtomatlashtirib, ishchi sonini kamaytirish imkonini bermogda. Tahlilchilarning fikricha, bu jarayon global texnologik kompaniyalar orasida kuzatilayotgan “optimalashtirish to‘lqini”ning davomi bo‘lib, sun’iy intellektning tez rivojlanishi yirik korporatsiyalarni tuzilmasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmogda.






