O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Evropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshita va Evropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan 23-24-oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan Bryussel shahrida bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tashrif dasturiga muvofiq, Evropa Ittifoqi poytaxtida ushbu birlashmaning asosiy institutlari rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ko‘p qirrali munosabatlarni joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish va kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.
Savo-iqtisodiyot, investitsiya-moliya, innovatsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, fan-ta’lim va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlik bo‘yicha aniq loyiha hamda dasturlarni ilgari surish e’tibor markazida bo‘ladi.
O‘zbekiston va Evropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi Belgiya rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazadi, texnologik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma rejalarni jadallashtirish maqsadida Evropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlarini qabul qiladi.