Bugun, 14 oktyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalla tizimini yanada takomillashtirish, ishsizlikni kamaytirish va aholini band qilish masalalariga alohida e‘tibor qaratdi.
Davlat rahbariga ko‘ra, mahallalarga yaratilgan shart-sharoitlar tufayli bu yilning o‘zida 237 ming oila qashshoqlikdan chiqqan. Biroq hozirda 28 ta kichik tumanda ishsizlikka qarshi yetarli choralar ko‘rilmayotgani tanqid qilindi.
Prezident mahalla rahbarlari va hokim yordamchilariga usbu tumanda ishchi guruhlar tashkil etib, ishsizlik, qashshoqlik va jinoyatchilikni kelasi yilda 2 barobarga kamaytirish vazifasini topshirdi.
Shuningdek, mahallalarda bo‘sh turgan 5 ming kv.m.gacha davlat ob’ektlarini auktsionga chiqarish va tushgan mablag‘ning 70 foizini mahallaning o‘zida qoldirish amaliyoti joriy etilishi aytildi. Bu mablag‘ infratuzilma va ijtimoiy loyihalarga sarflanadi.
Yig‘ilishda 15 ta yo‘nalishda ixtisoslashgan 7 mingta mahalla, 6,5 trln so‘mlik resurslar, 3,3 mingta mahalladagi 1,5 mln oilaning daromadli bo‘lishi va kelasi yil uchun qo‘yilgan sanoatlashitirish rejalari ham muhokama qilindi.