Bugun, 6 oktyabr kuni Toshkent metropolitenining G‘afur G‘ulom bekatida chaqaloq dunyoga keldi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, poezdlarni kutib olish va jo‘natish bo‘yicha navbatchi xodima –M.N.ga xizmat davomida bekat o‘tish yo‘lagidagi ichki ishlar xodimi tomonidan yo‘lovchi ayolning holati bo‘yicha xabar berilgan. Bir lahazada vaziyatni to‘g‘ri baholagan N.M. xizmat davomida o‘ziga o‘rgatilgan maxsus bilimlar va ko‘nikmalarni isga solgan holda birinchi yordam ko‘rsatib, voqea joyida ayolning farzandini sog‘-omon dunyoga keltirishiga yaqindan ko‘maklashgan hamda chaqaloq sog‘ligi uchun kerakli yordamlarni (kindik qismi bog‘lanib, yangi tug‘ilgan chaqaloq nafas olish refleksini faollashtirgan) ko‘rsatgan. Bu vaqt ichida tez yordam xizmati va ayolning yaqinlari chaqirilgan. Tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar (taxminan 10 daqiqa) xodimlar ona va chaqaloq holatini nazorat ostida ushlab, ularning xavfsizligini ta’minlagan. Hozirda ona va chaqaloqning sog‘ligi yaxshi, ular shifoxonaga etkazilgan.