Ijtimoiy tarmoqlarda Nurobod tumanidagi 1-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarga sifat-siz oziq-ovqat mahsuloti berilgani aytilgan xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, viloyat Sanitariya va epidemiologiya jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida ishchi guruhi tuzilib o‘rganilgan.
O‘rganishlar jarayonida 1-son DMTT da faoliyat yuritayotgan oshpazlarning ovqat pishirish texnologiyalariga amal qilmaganligi hamda e’tiborsizligi sabab kecki nonushta-ga tayyorlangan shirin kulchalar (bulochkalar) quyirib pishirilganligi aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan buyurtmachi tomonidan autsorsing "PROOF FOOD" MChJ korxonasi rahbariyati ogohlantirilgan.
Autsorsing tomonidan sifatsiz go‘sht mahsulotlari yetkazib berilganligi haqidagi xabar o‘z isbotini topmagan.
Nurobod tuman tibbiyot birlashmasi hamda Sanepidqo‘mita tuman birlashmasi epidemiologik ma’lumotiga ko‘ra, 30 sentyabr sanasidan bugungi kungacha bog‘cha yoshdagi bolalarning (DMTT tarbiyalanuvchilarining) ovqatdan zaharlanganligi bo‘yicha murojaat kelib tushmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda Nurobodda 50 nafardan ortiq DMTT tarbiyalanuvchisi kasallangani aytilgan xabar asossiz bo‘lib chiqdi.
Boshqarma blogerlardan yolg‘on axborot tarqatmasliklarini so‘ramoqda.