Oʻzbekistonda xususiy telekommunikatsiya operatorlariga tajriba tariqasida 2030 yilgacha xalqaro internet kanallarga ulanishga ruxsat berildi. Buning uchun ular bir necha talablarni bajarishi kerak. Bugungi kunda mamlakatning deyarli barcha provayderlari «Oʻzbektelekom» kompaniyasining Xalqaro paketli kommunikatsiya markazi orqali internetga ulanish imkoniyatiga ega.
Maʼlum qilinishicha, bu Vazirlar Mahkamasining 18 sentyabrdagi «Telekommunikatsiya bozorini bosqichma-bosqich liberalizatsiyalash va raqobat muhitini shakllantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarorida nazarda tutilgan.
Unga koʻra, mamlakatda mobil yoki simli tarmoqlarga ega boʻlgan, biroq xalqaro internet tarmoqlariga toʻgʻridan-toʻgʻri ulanish huquqiga ega boʻlmagan telekommunikatsiya operatorlariga 2030 yil 1 yanvargacha tajriba tariqasida shunday huquq beriladi.
Ulanishni muvofiqlashtirish uchun masʼul organ — Raqamli texnologiyalar vazirligi, ishchi organ — «Respublika telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish markazi» DUK etib belgilandi.
Hujjat Jahon savdo tashkiloti (JST) talablarini hisobga olgan holda, shuningdek, axborot va milliy xavfsizlikni taʼminlashda telekommunikatsiya kompaniyalarining investitsion faolligini ragʻbatlantirish va xalqaro internet tarmoqlariga ulanish tartibini takomillashtirishga qaratilgan.