Afgʻonistonda olib kelingan katta miqdordagi narkotik moddalar toʻxtatib qolindi. Bu haqda DXX matbuot kotibi Darakchi.uzga xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Afgʻoniston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan Surxondaryo viloyati hududiga olib oʻtilgan 9 kg 896 gr “gashish” moddasini qabul qilib olgan vaqtlarida Margʻilonda yashovchi xususiy tadbirkor qoʻlga olingan.
Shuningdek, voqea joyidan qochishga uringan xususiy tadbirkorning yonida boʻlgan 14 ming 500 AQSH dollari va 6 mln. 250 ming soʻm ham prosessual tartibda rasmiylashtirib olingan
Huddi shunday, davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari tomonidan yana bir tezkor tadbir oʻtkazilganda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida yashovchi ikki nafar fuqaro moʻmay daromad topish maqsadida afgʻonistonlik narkosavdogarlarga katta miqdordagi giyohvandlik vositasini buyurtma berishgan.
Toʻrtkoʻl va Xazorasplik mazkur shaxslar xufiya joydan 6 kg 149 gr “opiy” moddasini va 9 kg 814 gr koʻknori somonini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllandi. Tergov harakatlari doirasida ularning jinoyiy aloqalarini aniklash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.