AsosiyJamiyat

Ai-80 benzini sotuvi to‘xtatildi

Shuningdek, Ai-92 rusumidagi avtobenzinning birja savdolariga chiqarish hajmlari oshirildi.

'Ai-80 benzini sotuvi to‘xtatildi'ning rasmi

“O‘zbekneftgaz” 2025 yil 2 sentyabrdan boshlab Ai-80 benzinini birja savdolari orqali sotishni to‘xtatganini e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, endi Ai-92 rusumidagi avtobenzinning birja savdolariga chiqarish hajmlari oshirildi. Kompaniyaga ko‘ra, shu vaqtgacha 1 000 tonna Ai-92 benzini savdolarga qo‘yilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 1 720 tonnani tashkil etmoqda. Ichki bozor talabidan kelib chiqib, bu hajmlarni oshirish imkoniyati mavjud.

Avgust oyida tadbirkor iste’molchilar tomonidan xarid qilingan Ai-80 rusumidagi avtobenzin hajmlari majburiyat va mavjud qoldiqlar doirasida sentyabr oyida ham o‘z egalariga etkazib beriladi.

“O‘zbekneftgaz” bosqichma-bosqich yuqori oktanli (Ai-92) avtobenzin ishlab chiqarishga o‘tishi va sentyabrdan boshlab birja savdolariga faqat yuqori oktanli avtobenzin joylashtirilishi rejalashtirilganini iyul oyida ma’lum qilgandi.

“O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof- muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmonida 2025 yil yakunigacha Ai-80 benzinidan foydalanish va sotishni cheklash uchun barcha kuch va resurslar safarbar etilishi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar