Shimoliy Koreya Rossiyaga Ukrainadagi urush davomida 12 milliondan ortiq artilleriya snaryadi yetkazgan. Bu haqda Janubiy Koreya harbiy razvedkasi tayyorlagan hisobotga tayanib, Yonhap agentligi xabar berdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, KXDR tomonidan Rossiyaga yuborilgan harbiy yuk konteynerlari soni 28 mingdan oshgan. Bu konteynerlar asosan 152 mm kalibrdagi o‘q-dorilar bilan to‘ldirilgan.
Ukraina harbiy razvedkasi rahbari Kirill Budanovning aytishicha, bugungi kunda Rossiya armiyasidagi yirik kalibrli snaryadlarning yarmi Shimoliy Koreya ishlab chiqargan.
Urush boshida “snaryad tanqisligi”dan shikoyat qilgan Rossiya bu borada KXDR bilan ittifoqni chuqurlashtirgani kuzatilmoqda.
2024 yilda Moskva va Pxenyan o‘rtasida harbiy hamkorlikni nazarda tutuvchi strategik sheriklik shartnomasi imzolangan.
Unga ko‘ra, tomonlar harbiy yordam berishga majbur. Bundan tashqari, Pxenyan yaqin oylarda Rossiyaning Ukrainadagi hujumlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 25 mingdan 30 minggacha askar yuborishni rejalashtirmoqda.
Rossiya rasmiylari esa bu harbiy aloqalarni ochiq tasdiqlamagan.