Qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash va vaqtincha turish joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish to‘g‘risida"gi Qonunga ko‘ra, ushbu masalada respublika bo‘ylab yagona tartib joriy etilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda" Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalari ro‘yxati to‘g‘risida" alohida qonun amal qilar edi. Konstitutsiya yangilanganidan so‘ng, bu qonun kuchini yo‘qotgan deb topildi.
Yangi qonunga asosan, O‘zbekiston fuqarolari, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yashash va vaqtincha turish joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari shart.
Uy-joy egasi yoki uning tasarrufiga ega bo‘lgan shaxs o‘sha manzilda yashovchi shaxslarni belgilangan muddatda ro‘yxatga qo‘yishi shart.
Sog‘liqni saqlash muassasalarida davolanayotgan yoki mehmonxona, yotoqxona kabi joylarda yashovchi shaxslar maxsus E-mehmon tizimi orqali ushbu muassasalar mas’ul xodimlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Yashash yoki vaqtincha turish manzili o‘zgargan taqdirda, shaxs yangi manzil bo‘yicha kamida 10 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishi shart.
Chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari ham O‘zbekistonga kirib kelganidan so‘ng 10 ish kuni mobaynida yashash yoki turish joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari shart.
Xuddi shu qoida xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham taalluqli bo‘lib, agar xalqaro shartnomalar yoki O‘zbekiston qonunchiligida boshqa muddatlar belgilanmagan bo‘lsa, ular ham 10 ish kuni ichida vaqtincha turish joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.
Ro‘yxatdan o‘tishda turar joyning ijtimoiy normalariga rioya qilinishi shart:
har bir shaxsga kamida 16 kv. m umumiy maydon to‘g‘ri kelishi kerak;
nogironligi bo‘lgan, aravada harakatlanuvchi shaxslar uchun — kamida 23 kv. m.
Ro‘yxatdan o‘tishdan rad etish asoslari:
talab etiladigan hujjatlarni taqdim etmaslik;
ma’lumotlarning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi;
davlat boji to‘lanmagan bo‘lishi;
turar joyga nisbatan taqiq yoki arest qo‘yilgan bo‘lishi;
shaxsning erkin harakatlanishi yoki manzil tanlash huquqi cheklangan bo‘lishi;
ijtimoiy normalarga zid holatda bo‘lishi.
Boshqa sabablarga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Rad etish qarori sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tish turar joyga mulk huquqini bermaydi — ya’ni ro‘yxatdan o‘tganlikning o‘zi bilan mulkdor bo‘lib bo‘lmaydi.
Qaysi joylarda ro‘yxatdan o‘tish mumkin:
Ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida;
Davlat xizmatlari markazlarida;
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali: my.gov.uz