Prezidentning “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, soha xodimlarini moddiy va ijtimoiy jihatdan rag‘batlantirishga qaratilgan bir qator yangi imtiyozlar joriy etildi.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan:
Kamida 15 yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishidagi yillik kontrakt to‘lovining 30 foizi, ammo bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarigacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi;
Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan 500 nafar tibbiyot xodimi uy-joy bilan ta’minlanadi, ipoteka asosida sotib olinadigan uy uchun dastlabki to‘lovning 25 foizi davlat hisobidan qoplanadi;
Tuman va shahar darajasida yangi davolash usulini joriy qilib, ijobiy natijaga erishgan shifokorlar BHMning 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Qaror soha xodimlarining mehnatini munosib baholash, ularni qo‘llab-quvvatlash va tibbiyot tizimida motivatsiyani oshirishni maqsad qiladi.






