Joriy yilning 21-noyabr kuni Namangan viloyatida yo‘l-patrul xizmati inspektori qoidabuzar haydovchi mashinada urib yuborishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, soat 23:00 larda Yo‘PX xodimlari tomonidan Namangan viloyati, Davlatobod tumani hududida harakatlanib ketayotgan Onix rusumli avtomashinaga to‘xtash ishorasi berilganida, tegishli hujjatga ega bo‘lmagan haydovchi xodimlarga bo‘yinmasdan qochishga uringan.
Shu vaqtda ratsiya orqali oldinroqda xizmat olib borayotgan katta serjant Vahobjon Mўminovga mazkur avtomashinani to‘xtatish chorasini ko‘rish yuzasidan xabar berilgan. Vahobjon Mўminov haydovchiga to‘xtash ishorasini bergan vaqtida haydovchi yuqori tezlik bilan xodimni urib yuborib, uning hayoti uchun og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Tezkor harakatlar natijasida transport vositasining harakati cheklanib, haydovchi qo‘lga olingan.
Biroq katta serjant Vahobjon Mўminov viloyat Tibbiyot birlashmasiga olib borilayotganida vafot etgan.
“Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va ko‘p sonli shaxsiy tarkibi Namangan viloyati IIB JXH Yo‘HXB Yo‘l-patrul xizmati katta inspektori katta serjant Mўminov Vahobjon Abduvalievichning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi. Katta serjant Vahobjon Mўminov 2007 yildan ichki ishlar organlarida fidokorona xizmat qilgan. Uning ortida suyukli ayoli, 2 nafar qizi va 1 nafar o‘g‘il farzandlari qoldi”, deyiladi xabarda.






