Toshkent viloyati Ohangaron shahrida ichki ishlar organi xodimiga nisbatan 14 yoshli qiz bilan bog‘liq yolg‘on xabar tarqatgan shaxs 7 sutkaga qamalgani haqida 2-may kuni IIBB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, u internetda tarqatgan axborotini yolg‘on ekanini tan olgan.
Sud qaroriga ko‘ra, u va ikki sherigi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183, 194 va 195-moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, 7 sutkaga ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.
“Holatda voyaga etmagan qizning ishtiroki bo‘lgani sababli, to‘liq tafsilotlar hozircha ochiqlanmagan. Ish yakuniga ko‘ra, yolg‘on axborot tarqatgan shaxslarga nisbatan ma’muriy, og‘ir oqibatlarga olib kelgan taqdirda jinoiy javobgarlik choralari ko‘riladi”, deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan tekshiruvlar davom etmoqda. Shuningdek, yolg‘on axborot tarqatish va boshqa qonunbuzarliklar bo‘yicha qo‘shimcha tergov harakatlari olib borilmoqda.






