Poytaxtda havoning sifati doimiy nazorat ostida. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, poytaxtning barcha tumanlarida 24 soat davomida mobil ekologik laboratoriyalar orqali havo ifloslanishi monitoring qilinmoqda.
Ushbu laboratoriyalar "Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashgan tahliyiy nazorat markazi" tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, masalan, Yunusobod tumanidagi "Turkiston" metro bekati atrofidagi hudud doimiy kuzatuv ostida.
Qo‘mita, havoning sifati yaxshilash maqsadida tezkor shtab tashkil qilgan. Tegishli idoralar bilan hamkorlikda u ekologik vaziyatni nazorat qilib, aniqlangan ifloslanish manbalarini belgilangan tartibda tegishli tashkilotlarga yo‘naltirmoqda va zarur choralarni ko‘rmoqda.
Bu choralar Toshkent shahridagi havoni yanada toza va xavfsiz qilishga qaratilgan doimiy monitoring tizimining muhim qismi sifatida baholanmoqda.






