"Harakat o‘z javobini vositachilarga taqdim etdi, bu javob ijobiy ruh bilan tavsiflanadi", deyiladi Hamasning javobida. Tomonlar AQSH taklif etgan sulhni amalga oshirish uchun muzokaralarga kirishishga tayyor ekanini bildirgan. Shu bilan birga ushbu sulh bo‘yicha e’tirozga sabab bo‘layotgan holatlar va yangi talablar hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Hamas tashkiloti AQSH vositachiligida ilgari surilgan G‘azo bo‘yicha sulh taklifiga "ijobiy ruhda" javob bergani, garovdagilarni ozod qilish hamda mojaroni tugatish bo‘yicha muzokaralarni o‘z ichiga olgan ushbu kelishuvni amalga oshirish yuzasidan muzokaralarga kirishishga tayyor ekanini bildirdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp bundan oldin Isroil va Hamas o‘rtasida qariyb 21 oydan beri davom etayotgan urushda 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha "yakuniy taklif"ni e’lon qilgan va tomonlardan yaqin vaqtlarda kutayotganini bildirgandi.
"Hamas harakati G‘azodagi xalqimizga qarshi tajovuzni to‘xtatish bo‘yicha vositachilarning so‘nggi taklifiga doir ichki maslahatlashuvlarni, shuningdek, falastinlik fraksiyalar va kuchlar bilan muzokaralarni yakunladi.
Harakat o‘z javobini birodarlik vositachilariga taqdim etdi, bu javob ijobiy ruh bilan tavsiflanadi. Hamas harakati to‘liq jiddiyat bilan, ushbu rejani amalga oshirish mexanizmi yuzasidan yangi muzokaralar bosqichiga zudlik bilan kirishga to‘liq tayyor", deyiladi Reuters nashri xabarida.