AsosiyDunyo

Xatirchi hokimligi yahudiy mehmonlar bilan bog‘liq muhokamalarga oydinlik kiritdi

Bayonotda aytilishicha, xorijlik Buxoro yahudiylari tarixiy merosni o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan.

'Xatirchi hokimligi yahudiy mehmonlar bilan bog‘liq muhokamalarga oydinlik kiritdi'ning rasmi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Xatirchi tumani hokimining xorijda istiqomat qiluvchi Buxoro yahudiylarini kutib olgani haqida turli talqinlar tarqaldi. Xatirchi tuman hokimligi mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, tashrif buyurgan yahudiylar — azaliy vatandoshlar bo‘lib, ular qachonlardir ota-bobolari yashagan diyorning tarixiy va madaniy merosini ko‘rish, ziyorat qilish, shu orqali O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlash maqsadida kelgan.

“Hokimning ularni kutib olishi xalqimizga xos mehmondo‘stlik va bag‘rikenglikning yorqin ifodasidir”, — deyiladi rasmiy bayonotda.

Hokimlik ma’lum qilishicha, mamlakatda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, jumladan yahudiy jamoalari ham tinchlik va totuvlikda hayot kechirmoqda.

Bayonotda ayrim bloger va foydalanuvchilardan noto‘g‘ri, asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik, ishonchli manbalarga tayanish so‘ralgan.

    Boshqa yangiliklar