Kecha, 17 iyun kuni Samarqand viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining raisi yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, soat 20:30 larda Urgut tumani “Bog‘ishamol” mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-47 avtomobil yo‘lining 61 kilometrida Kamaz-53212 rusumli yuk avtomashinasi va Nexia 3 rusumli yengil avtomashina to‘qnashuvi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Nexia-3 avtomashinasida bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining raisi Timur Rustamov (1986 yilda tug‘ilgan) olgan tan jarohati oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Bildirilishicha, ayni paytda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Urgut tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.