AsosiyJamiyat

Sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalarini noqonuniy savdoga chiqarishning oldi olindi

Toshkent shahrida noqonuniy dori vositalarini saqlash va sotish bilan bog‘liq holat fosh etildi.

'Sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalarini noqonuniy savdoga chiqarishning oldi olindi'ning rasmi

1959 yilda tug‘ilgan fuqaro va uning 1979 yilda tug‘ilgan o‘g‘li yashab kelayotgan Olmazor tumanidagi xonadonda o‘tkazilgan tekshiruv davomida yerto‘ladan umumiy qiymati 1 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi 72 nomdagi 3615 quti dori vositalari aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ushbu shaxslar dori vositalarini mamlakatga noqonuniy olib kirib, ularni vodiy viloyatlaridan arzon narxda sotib olib, poytaxtdagi mijozlarga tarqatib kelgan.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi”ning xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalari davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikatiga ega emas hamda maxsus sharoitlarda saqlanmagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25 orqali 186³-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir chog‘ida Toshkent shahridagi dorixonalardan birida sotish uchun saqlab kelinayotgan 456 turdagi 57407 dona dori vositalari, 18 turdagi 835 dona qalbaki qutilar va 1 dona dori tayyorlash moslamasi topildi.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, dorilarning umumiy qiymati 3,5 milliard so‘mni tashkil etadi. Ulardan 160 turdagi dori vositalari davlat reyestrida qayd etilmagan, 274 turida sertifikat yo‘q, 50 turi sifatsiz va muddati o‘tgan, 7 turi esa qalbaki ekani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan dorixona mas’ullari va boshqa shaxslarga nisbatan ham Jinoyat kodeksining 186(3)-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tegishli tergov ishlari hozirda davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar