AQSH prezidenti Donald Tramp “G7” sammiti doirasida Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan uchrashuv chog‘ida jurnalistlarga bergan izohida Rossiyaning “G8” formatidan chiqarilishi “katta xato” bo‘lganini ta’kidladi.
Uning fikricha, bu qaror Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ranjitgan va bu holat xalqaro munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Tramp ushbu qarorni AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama bilan bog‘ladi:
“Bu — Obamaning xatosi. U Putinni istamadi. Agar o‘sha vaqtda Rossiya “G8” tarkibida qolganida, urush bo‘lmasdi”, — detdi Tramp.
U, shuningdek, Rossiyaning a’zoligiga qarshi chiqqanlardan biri sifatida Kanadaning sobiq bosh vaziri Jastin Tryudoni tilga oldi.
Ma’lumot uchun, Rossiya 2014 yilda Qrimni anneksiya qilganidan so‘ng G8’dan chiqarilgan edi. Tramp o‘z nutqida:
“Dushmanningiz bo‘lsa ham, uni suhbat stolida saqlash kerak. Men o‘sha vaqtda Putinni hatto dushman deb ham hisoblamaganman. U hozir men bilan gaplashadi, boshqalar bilan emas — sababi, “G8” dan chiqarilganidan ranjigan. Har qanday inson ham shunday bo‘lardi”, — deya qayd etdi.
Tramp, shuningdek, Xitoyni “G7” kabi rivojlangan davlatlar klubiga taklif qilish “yomon g‘oya emas”ligini aytdi.
“CBC” telekanalining xabar berishicha, Tramp “G7” yetakchilarining Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroga doir qo‘shma bayonotini imzolashdan bosh tortgan. Ushbu bayonotda tomonlarga tinch aholini himoya qilish va ziddiyatni muzokara yo‘li bilan hal etish chaqirig‘i mavjud edi.