Ijtimoiy tarmoqlarda vagon ustiga chiqqan erkak tok urishi oqibatida yerga qulagani aks etgan video tarqaldi.
Holat yuzasidan "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ axborot xizmati rasmiy munosabat berdi.
Qayd etilishicha, voqea 2025 yil 10 iyun kuni Andijon viloyatidagi Poytug‘ bekati hududida baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi.
Begona fuqarolardan biri temir yo‘l stansiyasiga noqonuniy ravishda kirib, ikkinchi yo‘lda turgan bo‘sh sisternaga chiqib olgan. Vagon ustida bo‘lgan shaxs kontakt tarmog‘idagi yuqori kuchlanish ta’siriga tushib, yerga qulagan.
Stansiya navbatchi xodimi holatga zudlik bilan munosabat bildirib, tez tibbiy yordam chaqirgan. Jabrlanuvchiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yetkazilgan.
"Hurmatli fuqarolar! Temir yo‘l va uning infratuzilmasi yaqinida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni yana bir bor eslatib o‘tamiz. Temir yo‘l infratuzilmasi obyektlariga o‘zboshimchalik bilan kirish hayot va sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradi", deyiladi xabarda.