Yevroittifoq Suriyaga nisbatan joriy etilgan iqtisodiy sanksiyalarni rasman bekor qildi. Bu haqda YeI tashqi ishlar bo‘yicha rahbari Kaya Kallas rasmiy bayonot berdi.
“Bugun biz Suriyaga nisbatan sanksiyalarni olib tashlashga qaror qildik. Maqsadimiz – suriyalik xalqqa o‘z mamlakatini yangitdan, tinch va inklyuziv tarzda tiklashda yordam berish. Yevroittifoq 14 yildan buyon suriyaliklarni qo‘llab kelmoqda va bu yo‘ldan qaytmaydi”, — deydi Kallas.
Bu qaror Suriya ichkarisida uzoq yillik urushdan keyin iqtisodiy vaziyat og‘irlashgan bir paytda qabul qilindi. Yevropa diplomatiyasi vakillari ushbu chorani insonparvarlik yondashuvi sifatida baholamoqda.
Ma’lumot uchun, Yevroittifoq 2011-yildan beri Bashar Asad rejimi va unga aloqador shaxslarga qarshi sanksiyalar joriy qilib kelayotgan edi. Ular orasida moliyaviy cheklovlar, savdo taqiqlari va sayohatga oid cheklovlar mavjud bo‘lgan.
Yangi qaror ayniqsa, oddiy suriyaliklarga yordam berishga, gumanitar yordam yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Yevroittifoq Suriya hukumati tomonidan inson huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerakligini yana bir bor ta’kidladi.