O‘zbekiston bo‘ylab 15 apreldan 15 mayga qadar «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqida Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirlar respublikadagi kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir etuvchi shaxslarni aniqlash, ularning faoliyatiga chek qo‘yish, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish orqali aholi osoyishtaligini ta’minlash, shuningdek, giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yishni o‘z ichiga olgan.
Ma’lum qilinishicha, oylik davomida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ko‘cha va jamoat joylarida jinoyat va bezorilik holatlari 25,6 foizga kamaygan.
- Tadbirlar davomida tig‘li buyumlar olib yurgan jami 17 mingdan ortiq shaxs aniqlanib, ulardan 17360 dona ana shunday ashyolar olib qo‘yilgan.
- Avtomobili, velosipedi va aravachalarini qarovsiz qoldirgan 55 ming 329 nafar fuqaro bilan tushuntirish ishlari olib borilgan va ogohlantirilgan.
- Tashkilotlarning 87 ming 704 nafar qorovuli faoliyati tekshirilib, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha taqdimnomalar kiritilgan.
- Jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashirinib yurgan 100 dan ortiq qidiruvdagi, shuningdek, 10 mingdan ortiq mayda bezorilik qilgan shaxs aniqlangan va choralar ko‘rilgan.
- 10 mingdan ortiq o‘rta ta’lim, kasb-hunar maktablari va akademik litseylarda "huquqbuzarliklar va ularning oqibatlari yuzasidan keng qamrovli targ‘ibot ishlari" olib borildi.
IIV matbuot xizmati tomonidan ta’kidlanganidek, ko‘rilgan profilaktika chora-tadbirlari natijasida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 36 foizga, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 20 foizga kamaydi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan 590 mingdan ortiq yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari aniqlandi. 67 mingdan ortiq transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirildi.
3000 dan ortiq haydovchi mast holda avtomobil boshqargani, 1900 dan ortiq haydovchi IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagani aniqlandi.
Shu bilan birga, 48 mingdan ortiq fuqaro tegishli hujjatlarsiz transport vositalarini boshqargan hamda 700 dan ortiq haydovchi sirena va miltillovchi chiroqlar kabi noqonuniy uskunalarni o‘rnatgan.
Shuningdek, YHXX xodimlari tomonidan bir oy davomida 113 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari, 40 mingdan ortiq profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, haydovchilar o‘rtasida 126 mingdan ortiq buklet tarqatilgani ma’lum qilindi.
Qo‘riqlash bo‘linmalarining tezkor harakatlanish guruhlari «tashvish» signallari bo‘yicha voqea sodir bo‘lgan joylarga 950 marta chiqish qilib, qo‘riqlanadigan obyektlarda jamoat tartibini buzish holatlarining oldi olindi. Jami 1837 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlandi.
Sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari bilan hamkorlikda aholi salomatligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida 11 ming 906 nafar fuqaro majburiy davolanishga, 37 ming nafar fuqaro hushyorxonaga, 2 ming 232 nafar voyaga yetmagan markazlarga, 571 nafar fuqaro reabilitatsiya markazlariga joylashtirildi va tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatildi.
Oy davomida noqonuniy muomaladan jami 334 kg 266 gr giyohvandlik, 68 ming 429 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi olinib, 91 ming 493 tup tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simlik yetishtirilayotgani aniqlandi. Xususan, 640 gr geroin, 124 kg 371 gr opiy, 94 kg 759 gr gashish, 52 kg 26 gr marixuana, 39 kg 548 gr ko‘knori va 22 kg 899 gr sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Tadbirlar davomida qo‘lga olingan shaxslar va jinoiy guruhlardan 113 dona pnevmatik qurol, 99 dona ov quroli, 1021 dona patron, 2452 dona sovuq qurol olib qo‘yildi. Tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan 880 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi. 383 nafar bedarak yo‘qolgan shaxs topildi.