AsosiyDunyo

BMT Xavfsizlik Kengashi Kashmirdagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilmoqda

Bu haqda Pokistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi ma’lum qildi.

'BMT Xavfsizlik Kengashi Kashmirdagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilmoqda'ning rasmi

Pokiston BMT Xavfsizlik Kengashiga Jammu va Kashmirdagi vaziyatning keskinlashuvi va Hindiston bilan ziddiyatning kuchayishi munosabati bilan favqulodda yopiq majlis o‘tkazish bo‘yicha rasmiy so‘rov yubordi. Bu haqda Pokistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi ma’lum qildi.

Pokiston missiyasi mavjud vaziyatning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka tahdid solayotganini bildirdi.

“Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlikning kuchayishi hamda Jammu va Kashmirdagi vaziyat mintaqada va undan tashqarida tinchlik va barqarorlikka tahdid solmoqda”, deyiladi bayonotda.

BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishi bugun, 5 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 ga belgilangan. Yig‘ilishdan so‘ng Pokistonning BMTdagi doimiy vakili Asim Iftixor Ahmad brifing o‘tkazishi kutilmoqda.

Pahalgamdagi terakt

22 aprel kuni qurollangan shaxslar Hindistonning Jammu va Kashmir shtatining Pahalgam tumanida sayyohlarga qarata o‘t ochib, 26 kishini o‘ldirdi. Bundan tashqari, ko‘plab odamlar jarohatlangan.

Hujum ortidan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrifini to‘xtatib, Nyu-Dehliga qaytdi. Poytaxtga kelgach, Modi vaziyatni baholash uchun yuqori martabali amaldorlar bilan xavfsizlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Hindiston hukumati hujumda Pokistondan kelgan odamlarni aybladi.

Hindiston Hind suvlari shartnomasini to‘xtatdi, Nyu-Dehlida joylashgan pokistonlik maslahatchilardan bir hafta ichida mamlakatni tark etishni so‘radi va Pokiston fuqarolariga berilgan vizani bekor qildi.
Pokiston, o‘z navbatida, ayblovlarni rad etdi va Hindistonning Islomoboddagi diplomatik xodimlari sonini qisqartirdi.

Pokiston hukumati Hindistonning Hind daryosi havzasidagi daryolar oqimini to‘xtatish yoki boshqa yo‘nalishga yo‘naltirishga bo‘lgan har qanday urinishi urush harakati sifatida baholanishini aytdi. Shuningdek, mamlakat Hindiston bilan barcha savdo-sotiqni to‘xtatdi va havo hududini yopdi.

Pokiston hukumati, shuningdek, Hindiston fuqarolariga beriladigan barcha vizalar to‘xtatilganini e’lon qildi.

    Boshqa yangiliklar