AsosiyDunyo

Gibrid avtomobillarni ekologik sertifikatlash tartibi yuzasidan senator so‘rovi yuborildi

Bunday avtomobillarni bojxonada rasmiylashtirishda “Yevro-4” ekologik toifasidan kam emasligini tasdiqlovchi ekologik sertifikat talab etilayotgani keng muhokamalarga sabab bo‘layotgandi.

'Gibrid avtomobillarni ekologik sertifikatlash tartibi yuzasidan senator so‘rovi yuborildi'ning rasmi

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev gibrid avtomobillarni ekologik sertifikatlash tartibi yuzasidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovga senator so‘rovi yubordi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda O‘zbekistonga olib kirilayotgan gibrid avtomobillarni bojxonada rasmiylashtirish jarayonida “Yevro-4” ekologik toifasidan kam bo‘lmaganini tasdiqlovchi ekologik sertifikat talab etilayotgani jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, ushbu transport vositalari “Yevro-5” yoki “Yevro-6” ekologik standartlariga javob beradigan elektrodvigatellar bilan jihozlangan holda mamlakatga olib kirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan nizomda ekologik sertifikatlash tartibi belgilab berilgan. Unga ko‘ra, akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasi mavjud bo‘lganda, ekologik xavfsizlik mezonlariga muvofiqlik tekshirilishi kerak. Agar laboratoriya mavjud bo‘lmasa, transport vositasi identifikatsiya yo‘li bilan baholanishi mumkin.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2022 yil 12 apreldagi qarorida “gibrid avtomobil” tushunchasi aniq belgilab berilgan. Ularni umumiy “M” va “N” toifalariga tenglashtirish masalasi ham bahsli hisoblanmoqda.

    Boshqa yangiliklar