AsosiyDunyo

AQSh va Ukraina strategik sarmoya bitimi imzoladi

Zelenskiy hujjatni Oliy Radaga yubordi

'AQSh va Ukraina strategik sarmoya bitimi imzoladi'ning rasmi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh bilan imzolangan yangi strategik bitim ratifikatsiya uchun Oliy Rada muhokamasiga yuborilganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hujjat Ukraina iqtisodiyotiga sarmoyalar jalb etishga xizmat qiladi va biror qarz majburiyatini o‘z ichiga olmaydi.

“Bitim bor, imzolangan va Oliy Radaga yo‘llangan. Bu hujjat ustida ish davomida ancha o‘zgardi, endi u teng huquqli va Ukrainaga foyda keltiradigan hujjatga aylandi”, — deydi Zelenskiy videomurojaatida.

Davlat rahbari ta’kidlashicha, bitimda qarzga oid bandlar mavjud emas. “AQSh va Ukraina bu sheriklik orqali birgalikda daromad oladi”, — deydi u.

AQSh moliya vaziri Skott Bessent bu kelishuv Rossiyaga ochiqcha signal bo‘lib xizmat qilishini bildirdi. “Bu bitim ukrain va amerikalik xalqlar o‘rtasida hech qanday ziddiyat yo‘qligini ko‘rsatadi. Gap faqat nodir metallar haqida emas — infratuzilma va energetikani ham qamrab oladi”, — dedi u.

Unga ko‘ra, ushbu hamkorlik ikki davlatga ham foyda keltiradi.

Bitim doirasida 30-aprel kuni Vashingtonda AQSh moliya vaziri Skott Bessent va Ukraina birinchi vitse-premyeri, iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko Ukraina uchun investitsiya fondi tashkil etish hujjatini imzoladi. Dastlab bu kelishuv “resurslar bitimi” yoki “nodir yer metallar bitimi” nomi bilan tanilgan edi.

Bu bitim, ayniqsa, Ukraina urushdan keyingi tiklanishni rejalashtirayotgan bir davrda, xorijiy kapitalni jalb qilishda muhim qadam sifatida qaralmoqda.

    Boshqa yangiliklar