Isroilda yirik o‘rmon yong‘inlari hamon to‘xtagani yo‘q. "Bu Isroil tarixidagi eng yirik yong‘inlardan birid. Hozirga kelib 2 ming gektardan ortiq o‘rmon maydoni yonib ketdi, kamida 12 kishi jarohat oldi. Yong‘inni o‘chirishda armiyadan ham foydalanilmoqda", deya xabar bergan Times of Israel nashri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inni ataydan chiqarganlik gumoni bilan 18 kishi qo‘lga olingan. Biroq asosiy sabab sifatida o‘t o‘lanlarning ko‘pligi va shamollar ta’siri ko‘rsatilmoqda.
Isroil hukumatidagi qaror qabul qiluvchilar mamlakatdagi yong‘in xavfini yetarli darajada baholamaganlikda va zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rmaganlikda ayblanmoqda. Bu tanqidlar yaqinda Quddus atrofida ro‘y bergan yong‘inlar fonida yanada kuchaydi. Jumladan, joylarda o‘t o‘chirish stansiyalari, o‘t o‘chiruvchilar va maxsus texnikalar bilan ta’minlashda deyarli 30 foizlik defitsit qayd etilgan.
Avvalroq Yahudiy davlati hatto xalqaro yordam so‘rashga majbur bo‘lgani ma’lum qilingan edi. Keyinroq Fransiyadan bu yordam so‘rovi qaytib olindi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Falastinni davlat sifatida tan olishga va’da bergani bunga sabab bo‘lgan.
Garchi Isroil armiyasi G‘azo sektorida va G‘arbiy sohilda qirg‘inbarot o‘tkazayotganiga qaramasdan, hatto Mahmud Abbos boshchiligidagi Falastin ma’muriyati ham yong‘inlarni o‘chirish uchun o‘z yordamini taklif qilgan.
Abdulloh Sayyid