AQSHning bir qancha G‘arbdagi ittifoqchilari Tramp ma’muriyati tomonidan ilgari surilayotgan Ukraina mojarosini yakunlash bo‘yicha tinchlik rejasidan jiddiy xavotir bildirmoqda. Bu haqda CNN o‘zining diplomatik manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp tomonidan ilgari surilayotgan ssenariy Kiyev tomonidan katta yon berishlarni, jumladan, hududiy imtiyozlar va AQSH tomonidan Qrim ustidan Rossiyaning suverenitetini tan olishni nazarda tutadi. Bu esa diplomatlar fikricha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda boshqa dunyo yetakchilariga, masalan, Xitoy raisi Si Szinpin kabi shaxslarga xavfli signal bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
“Aslida bu noqonuniy istilo evaziga mukofot olish mumkin degan noto‘g‘ri taassurot uyg‘otmoqda”, — deya ta’kidlaydi G‘arbiy diplomatlardan biri.
CNN nashrining yozishicha, Osiyodagi ayrim diplomatlar ham bu borada o‘z xavotirlarini bildirgan. “Xitoy bunga kuzatuvchi sifatida qarayapti. Biz bu haqda Tramp ma’muriyatiga yetkazganmiz. Agar Rossiya qon to‘kish evaziga yutuqqa erishsa, bu boshqa davlatlar uchun ham xavfli signal bo‘ladi”, — degan Osiyo diplomatlaridan biri.
Shu bilan birga, G‘arb diplomatlari muzokaralarda ma’lum siljishlar borligini ham inkor etmayapti. CNN manbalariga ko‘ra, yaqinda Londonda o‘tgan Ukraina va Yevropa delegatsiyalari uchrashuvida “hududiy masalalar” yuzasidan muzokaralar o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan bosqichga yetilgan. “Bu fikr evolyutsiyasi – o‘ziga xos progress”, — deydi suhbatdosh diplomatlardan biri.
Yana bir diplomatning fikricha, “Ukrainaliklar oxir-oqibat ikki yil oldingi ideal kelishuvga nisbatan ancha murakkab sharoitdagi variant bilan rozi bo‘lishga majbur bo‘lishi mumkin”.