AsosiyDunyo

Pashinyan Turkiya va Ozarbayjon bayroqlarining yoqib yuborilishini qoraladi

Bosh vazir Pashinyan bunday harakatni mas’uliyatsiz va qabul qilib bo‘lmaydigan deb hisoblaydi.

'Pashinyan Turkiya va Ozarbayjon bayroqlarining yoqib yuborilishini qoraladi'ning rasmi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan «arman genotsidi» deb nomlanuvchi tadbir munosabati bilan o‘tkazilgan mash’alali yurish oldidan Ozarbayjon va Turkiya bayroqlarining yoqib yuborilishini qoraladi. Bu haqda Armenpress agentligiga bosh vazirning matbuot kotibi Bagdasaryan ma’lum qildi.

«Bosh vazir Pashinyan bunday harakatni mas’uliyatsiz va qabul qilib bo‘lmaydigan deb hisoblaydi. Xalqaro darajada tan olingan davlat, ayniqsa qo‘shni davlatlar bayrog‘ini yoqishni davlat rahbari bundan boshqacha baholay olmaydi. Bu – provokatsion va qo‘zg‘atuvchi amaliyotdir», — dedi matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, chorshanba - 23 aprel kuni Armaniston poytaxti Yerevan shahri markazidagi Respublika maydonidan "Sitsernakaberd" — genotsid qurbonlari xotira memorialigacha bo‘lgan mash’alali yurish boshlanishidan oldin Turkiya va Ozarbayjon bayroqlari yoqib yuborildi. Bu yurish har yili 24 aprel — arman genotsidi deb ataluvchi voqea qurbonlarini xotirlash kuni arafasida an’anaviy tarzda o‘tkaziladi.

O‘tgan oyda esa Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan tomonidan avval bildirilgan bayonotni tasdiqlab, arman genotsidini xalqaro miqyosda tan oldirish masalasi Yerevanning tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishi emasligini ma’lum qildi.

Abdulloh Sayyid

    Boshqa yangiliklar