Joriy yil 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya o‘tkaziladi Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov ma’lum qildi.
Anjuman ishida Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, O‘mon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilot rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etadi.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish, yoshlarni diniy bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish va bunda O‘zbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.
Muhim masalalarning asl mohiyatini ochib berishga qaratilgan Konferensiya 15 oktyabr kuni Toshkent shahridagi “Hilton” majmuasining anjumanlar zalida o‘z ishini boshlaydi. Anjuman 3 ta sho‘baga bo‘lingan holda o‘tkaziladi.
Konferensiya 16 oktyabr kuni Xiva shahrida davom etadi. Unda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyasining yakuniy deklaratsiyasi qabul qilinadi.