Joriy yilning 7 iyul kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) tomonidan “O`zgaruvchan dunyoda Markaziy Osiyo” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Xalqaro konferensiya davomida IXTI rahbariyati, shuningdek, Qozog`iston Tashqi ishlar vazirligi Tashqi siyosatni o`rganish instituti boshqaruvi raisi, Elchi B.Nurgaliev (Qozog`iston), Uorvik universiteti qoshidagi Global barqaror rivojlanish instituti direktori E.Korosteleva (Buyuk Britaniya), Global tadqiqotlar instituti prezidenti, Elchi A.Sajanxar (Hindiston), Glazgo universiteti professori L.Ancheski (Buyuk Britaniya), Berlin xalqaro siyosiy tadqiqotlar instituti etakchi tahlilchisi A.Rar (Germaniya) va Roy Entoni Rojers, Malayziya universiteti Osiyo Evropa instituti direktori o`rinbosari (Malayziya).
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o`rinbosari, JIDU rektori S.Safoev o`zining kirish nutqida bugungi kunda dunyo jadal o`zgarayotganini ta`kidladi. Xalqaro munosabatlar tizimida tub o`zgarishlarning murakkab ko`p bosqichli jarayoni davom etmoqda. JIDU rektori so`nggi yillarda O`zbekiston Respublikasi Prezident Sh.Mirziyoevning yangilangan tashqi siyosatining muvaffaqiyatli amalga oshirib borishi natijasida O`zbekiston mintaqaviy mavqe`ga ega davlat maqomini ishonch bilan qo`lga kiritayotganini qayd etdi. Bu, birinchi navbatda, Markaziy Osiyodagi samarali hamkorlik, shuningdek, yangi istiqbolli hamkorlar va diplomatiya yo`nalishlarini izlash orqali tashqi siyosatimizni muvaffaqiyatli diversifikasiya qilish jarayoni tufayli ro`y bermoqda.
Ma`ruzalar va muhokamalarda xalqaro muhitning tubdan o`zgarishi jahon iqtisodiyoti va siyosati uchun o`ta salbiy oqibatlarga olib kelgani qayd etildi. Jahon tartiboti buzilmoqda, bu o`z navbatida proteksionizm, savdo va texnologik qarama-qarshilikning kuchayishiga xizmat qilib, global ta`minot zanjirining buzilishi va xalqaro savdoning liberal tamoyillarini qadrsizlanishiga olib kelmoqda.
Markaziy Osiyo bu barcha xavf va tahdidlar kundan-kunga yanada yaqqolroq kuzatilayotgan mintaqa ekani ta`kidlandi. Evroosiyoning markazida joylashgan mintaqa Sharqiy va Janubiy Osiyoning, Yaqin Sharqning, Sharqiy, Markaziy va G`arbiy Evropaning iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarini geografik va transport-logistik jihatdan bog`lash imkoniyati mavjud hudud sifatida yuqori strategik ahamiyatga ega.
Yangi sharoitda O`zbekiston tashqi siyosiy faoliyat falsafasini qayta ko`rib chiqish, qat`iy tamoyillar asosida ishonchli va faol diplomatiyani izchil olib borish uchun strategik mas`uliyatni o`z zimmasiga olishi zarurligi ma`ruzachilar tomonidan alohida ta`kidlandi. O`zbekiston uchun bu, birinchi navbatda, global inqiroz va notinchlik, xalqaro rivojlanish paradigmasining o`zgarishini hisobga olgan holda jahon siyosatining yangi voqeliklariga jiddiy moslashish demakdir. O`zbekiston diplomatiyasining so`nggi yillarda kuzatilayotgan Sharq va Janub tomon strategik burilishi o`zgaruvchan dunyo voqeyiliklari va mamlakatning milliy manfaatlariga to`liq mos keladi. O`zbekiston, Markaziy Osiyodagi faol mintaqaviy siyosatini davom ettirib, shu bilan birga, MDH va etakchi sanoati rivojlangan mamlakatlar bilan an`anaviy hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligini inobatga olgan holda, xalqaro munosabatlar tizimida o`z o`rnini egallashi bo`yicha yangi qarashlarini ishlab chiqish vaqti keldi.
Mahalliy va xorijiy ekspertlar O`zbekistonning turli Sharq va Janub mamlakatlari bilan o`zaro hamkorligini rivojlantirish zarurligini ta`kidladilar. Avvalambor bu Shimoliy Afrikani o`z ichiga oluvchi Katta Yaqin Sharqni hamda Janubiy-Sharqiy Osiyo mintaqasini ko`zda tutadi. Ular bilan savdo, sarmoyaviy, texnologik, gumanitar aloqalarni qayta ko`rib chiqish, so`ngra “Markaziy Osiyo – Yaqin Sharqning etakchi mamlakatlari” (Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, BAA, Ummon), shuningdek “Markaziy Osiyo - ASEAN" dialog platformalarini yaratish zarurligi ta`kidlandi.
Markaziy Osiyo O`zbekiston tashqi siyosatining eng muhim yo`nalishi bo`lib qolishi haqida fikr bildirildi. Bu o`rinda so`z nafaqat mintaqada erishilgan ijobiy o`zgarishlarni mustahkamlash, balki o`sib borayotgan global noaniqlikdan kelib chiqadigan xavflarga javob berishni anglatadi. Agar o`tgan yillarda asosiy e`tibor mintaqa mamlakatlarining har tomonlama o`zaro bog`liqligini tiklashga qaratilgan bo`lsa, kelgusi davrda barqarorlik va xavfsizlik asosiy yo`nalishlarga aylanib bormoqda. Bu O`zbekiston tashqi siyosati oldiga quyidagi ikkita vazifani qo`yadi: 1) mintaqaviy va makro-mintaqaviy darajada beqarorlik xavfini kamaytirish; 2) boshqa mintaqalardagi beqarorlik fonida barqarorlikni parallel ravishda kapitallashtirish.
Xalqaro konferensiya yakunlari sarhisobida, barcha tadbir ishtirokchilari uzoq muddatli xarakterga ega global voqeliklar O`zbekiston va uning islohotlari uchun yangi muhit yaratishi haqida fikr bildirdilar. Shu bilan bir qatorda, hozirgi geosiyosiy voqeyilik juda dinamik xarakterga ega ekanligini hisobga oladigan bo`lsak, unga yangi tendensiyalar va nyuanslar qo`shiladi. Bularning barchasi O`zbekiston va uning tashqi siyosati uchun umumiy noaniqlik muhitini yaratadi. Jahon siyosiy tizimining o`zgarib borishi yangicha yondashuv, mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo`nalishlarini tubdan qayta ko`rib chiqishni talab qiladi.






