O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida joriy yilning 29-30 iyul kunlari Minskda O`zbekiston-Belarus hududlararo I-Forumi o`tkazilmoqda. Bu haqda Qishloq xo`jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Forum doirasida O`zbekiston-Belarus Qishloq xo`jaligi vazirliklari huzuridagi Qishloq xo`jaligi ekinlari navlarini sinash markazlari tomonidan 2019-2020 yillarga mo`ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

So`nggi yillarda Toshkent va Minsk o`rtasidagi aloqalar jadal rivojlanib bormoqda. O`tgan yil yakunlariga ko`ra, O`zbekiston va Belarus o`rtasidagi tovar aylanmasi 20 foizga ortgan. Forum davomida bunday yuqori ko`rsatkichga erishishning asosiy sababi mintaqalararo hamkorlikning yaxshi yo`lga qo`yilganligi ta`kidlab o`tildi.

Forum o`z ishini uchta seksiyaga bo`lingan holda olib bormoqda. Birinchi yo`nalish – bu sanoat kooperasiyasi sohasidagi o`zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan. Ikkinchi seksiyada agrosanoat kompleksi, oziq-ovqat sanoati va xavfsizligi sohasidagi hamkorlik istiqbollari masalalari muhokama qilinmoqda. Uchinchi seksiyada esa ishtirokchilar O`zbekiston va Belarus o`rtasidagi insonparvarlik, axborot-kommunikasiya va ilm-fan sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ko`rib chiqmoqdalar.

Forum yakunida ikki tomon mintaqalari o`rtasida 20 ga yaqin hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Shuningdek, O`zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar yarmarkasi tashkil etiladi.






