AsosiyJamiyat

“ArMI—2019”da ishtirok etish uchun O`zbekistonga kelgan xorijlik harbiylar Samarqandni ziyorat qildi

'“ArMI—2019”da ishtirok etish uchun O`zbekistonga kelgan xorijlik harbiylar Samarqandni ziyorat qildi'ning rasmi

28 iyul kuni Xalqaro armiya o`yinlarida ishtirok etish uchun Mudofaa vazirligining “Forish” tog` poligoniga kelgan xorijlik harbiy delegasiya vakillari Buyuk Ipak Yo`lining asosiy bo`g`inida joylashgan Samarqand shahrini ziyorat qildi.

Zamonaviy Samarqand — aholisining soni va hududining kattaligi, sanoat ahamiyatiga ko`ra O`zbekistonning Toshkentdan keyingi ikkinchi o`rinda turuvchi shahri bo`lib, jahon turizmining markazi bo`lib qolmoqda.

Angola, Zimbabve, Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Myanma hamda Vetnamdan kelgan mehmonlar dastlab Registon ansamblidan o`rin olgan me`moriy majmualar bilan tanishdi. Shundan so`ng ular Shohi Zinda majmuasi hamda Bibixonim madrasasini ziyorat qildilar.

Mirzo Ulug`bek rasadxonasi va Go`ri Amir maqbaralarida bo`lgan mehmonlar hayratda qoldi.

Registon — qadimiy ilm, ta`lim muassasalari joylashgan joy bo`lib, sharqdagi shahar qurilishi san`atining eng ko`zga ko`rinarli namunalaridan biri hisoblanadi. 2001 yilda bu uch madrasa UNESCOning butun dunyo yodgorliklari ro`yxatiga kiritilgan. Registon maydoni — tarixda shaharning ilm-fan, siyosat va diniy markazi bo`lgan. “Registon” so`zi “qumloq joy” degan ma`noni anglatadi.

Sayohat yakunida tanovul qilingan samarqandcha palov mazasi mehmonlarda unutilmas tassurot qoldirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

    Boshqa yangiliklar