Anomal issiq tufayli Fransiyaning 20 ta departamentida xavfning eng yuqori qizil darajasi e`lon qilindi.
Bu kabi holat butun meteo kuzatuvlar tarixida ilk marotaba kuzatilmoqda. Mamlakat shimoli va shimoli-sharqiy mintaqalaridagi departamentlarda havo harorati Selsiy bo`yicha 43 darajaga qadar ko`tarilmoqda. Bu odatiy havo harorati va ayni damda kuzatilayotgan issiq o`rtasidagi farq 15 darajadan ortiqni tashkil etayotganini anglatadi. Jahon meteorologiya tashkiloti mutaxassislarining so`zlariga ko`ra, bu kabi jazirama iqlim o`zgarishi jarayonlarining yorqin isbotidir.
Anomal jazirama avvalgiga qaraganda ko`proq va tez- tez sodir bo`lmoqda. Va ancha erta boshlanib, borgan sari uzoq davom etmoqda. Xuddi shu kabi holat Ispaniya, Italiya va boshqa davlatlar hududida ham kuzatilmoqda. Jazirama issiq o`rmon yong`inlarini keltirib chiqarib, qariyalar orasida o`lim holatining ortishiga sabab bo`lmoqda. Faqatgina hafta oxiriga kelibgina, Fransiya hududida ob-havoning o`zgarishi kutilmoqda.






