2019 yilda respublika bo`yicha 3 mln. 300 ga yaqin iste`molchilarga jami 468 ming tonna suyultirilgan gaz etkazib berish rejalashtirilgan. Joriy yil yanvar-iyun oylarida 232 ming tonna suyultirilgan gaz etkazib berilishi kerak edi, amalda 227 185,2 tonna (97,9%), yoki rejaga nisbatan 4 950,8 tonna kam suyultirilgan gaz etkazib berilgan. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida bo`lib o`tgan ochiq muloqotda “O`ztransgaz” AJ mutasaddilari ma`lum qildi.
Muratulla Bashmanov, “O`ztransgaz” AJ raisi o`rinbosari:
—2014 yildan shu kungacha 3,5 mln.ga yaqin xonadonga bittadan gaz balloni tarqatildi. O`sha yildan boshlab aholini suyultirilgan gazga o`tkazish harakati boshlangan edi. Nega shunday qilindi? Respublikamizda yildan yilga aholi soni ko`payib boryapti, bevosita gazga bo`lgan talab ham ortyapti. Lekin tabiiy gazni etkazib beruvchi gaz tarmoqlari eski, orasida 50 yil avvalgilari ham bor. Yangi tarmoqlar deyarli qurilgani yo`q. Demak, bizda bor gaz tarmoqlarining quvvati etmasligi, qishloqlar kengayib, ishlab chiqarishlar ko`paygani, ammo gaz quvurlarimiz o`sha-o`shaligicha qolgani suyultirilgan gaz tizimini joriy etishga majbur qildi. Hukumatimiz tomonidan tabiiy gaz etkazib berishning imkoni bo`lmagan hududlarga o`ringa-o`rin tarzida suyultirilan gaz bilan ta`minlashga qaror qilindi.
So`nggi 4 yilda har biri 3,5 mlrd. so`mdan bo`lgan 46 ta gaz saqlash punktlari qurildi. Gaz ballon tashiydigan 682 ta “Isuzu” mashinalari olindi. Umuman, texnika yangilandi.
2-3 yil avval gaz balloni va suyultirilgan gaz masalasi katta muammo edi. Hozir joylarga chiqib o`rganilganda, gaz ballonga bo`lgan talab deyarli kamaygani aniqlandi.
Respublikamizning necha foiz aholisi tabiiy gazdan foydalanadi?
— Bugun respublikamizning 56 foiz aholisi tabiiy gazdan, 44 foizi suyultirilgan gazdan foydalanadi. Hozirgi kunda respublika bo`yicha 3 mln. 200 xonadon tabiiy gaz bilan ta`minlangan, - deydi jamiyat raisi o`rinbosari Muratulla Bashmanov. — Aholiga va yuridik iste`molchilarga tabiiy gaz etkazib berishda muammolar hamon mavjud. Bular yangi uylar qurilishi, aholi soni ko`payishi bilan bevosita bog`liq. Tabiiy gazga bo`lgan ehtiyoj ortib boryapti. Shuning hisobiga gaz bilan ta`minlashda ham muammolar yuzaga kelyapti. Shuni alohida ta`kidlash kerakki, “O`ztransgaz” AJ o`zi gaz qazib chiqarmaydi, jamiyat unga ajratilgan gazni viloyatlar kesimida taqsimlaydi va tarqatadi.
Munisa Alieva tayyorladi






