Belorus Respublikasi mustaqillik kuni munosabati bilan poytaxt Minskda tashkil etilgan mushakbozlikda bir nafar ayol halok bo`ldi yana besh nafar kishi esa shifoxonalarga yotqizildi.
Mamlakat sog`liqni saqlash vaziri Vladimir Karanikning so`zlariga ko`ra 1955 yilda tug`ilgan ayol shifokorlar tomonidan ko`rsatilgan yordamga qaramasdan jarohatlari jiddiy bo`lgani tufayli voqea joyida halok bo`lgan. Jarohatlanganlarning besh nafari yaqin atrofdagi kasalxonalarga joylashtirilgan. Hozirda 1957 va 1995 yillarda tug`ilgan ikki nafar erkak hamon shifoxonada qolmoqda. Ularning ahvoli qoniqarli ekanligi aytilmoqda.
Ekspertlarning fikricha, zambarakka noto`g`ri joylashtirilgan snaryad zarur balandlikka ko`tarilmasdan turib portlab ketgan. Natijada esa yaqin atrofdagi kishilar snaryad bo`laklaridan jarohatlangan. Hozirda tergov qo`mitasi ayol kishining o`limi yuzasidan tekshiruv boshlangan. Jinoiy ish ochish masalasi esa o`rganib chiqilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda esa voqea yuz bergan jarayonlar aks etgan video tasvirlar tarqalmoqda.






