O`zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Respublika yoshlar markazi faoliyatining yillik sarhisobiga bag`ishlangan “Yoshlar markazi – yoshlar maskani” mavzusida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Unda Markazning hududiy bo`linmalarida tashkil etilgan to`garaklar, ularning sifati va yoshlarning to`garaklarga jalb etilish darajasi, Markazning bir yillik ish faoliyati davomida erishgan natijalari, yo`l qo`yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari kabi masalalar batafsil muhokama qilindi.
2019 yilning o`tgan davri mobaynida Respublika yoshlar markazining hududiy bo`linmalarida tashkil etilgan 26 ta yo`nalishdagi 2 ming 628 ta to`garak guruhlarida 79 ming 78 nafar yoshlar kasb-hunarga o`qitilmoqda. To`garaklar a`zolarining 7 ming 410 nafari ishsiz va 723 nafari boquvchisini yuqotgan.52 nafari diniy ekstrimizm oqimlariga a`zo oila farzandlari, 391 nafari xorijda ishlab qaytgan, 3 ming 590 nafarini esa ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar tashkil etadi.
Yil davomida Markazning hududiy bo`linmalari tomonidan tashkil etilgan to`garaklarni tamomlagan 47 ming 556 nafar bitiruvchilarining 2 ming 576 nafari ish bilan ta`minlangan. 598 nafari hozirda o`z tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`ygan.
2018/2019 o`quv yili test sinovlari natijalariga ko`ra Respublika yoshlar markazi tomonidan tashkil etilgan to`garaklarda taxsil olgan yoshlardan 84 nafari Oliy talim muassasalariga davlat granti va to`lov kontrakt asosida o`qishga qabul qilingan.
Respublika miqyosida Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tasarrufida bo`lgan Jazoni ijro etish muassasalarida 350 nafardan ortiq jazo muddatini o`tayotgan yoshlar uchunkasb-hunar, sport, ijod, xorijiy tillar va ijtimoiy yo`nalishlar kabi 11 ta to`garaklar faoliyat yuritib kelmoqda.
Ayni vaqtda Xalq ta`limi vazirligi va Respublika yoshlar markazi hamkorligida Respublika bo`yicha 9 ta Mehribonlik uylari va imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internatlarida jami 18 ta yuqoridagi kabi to`garaklar tashkil etilgan. Bu to`garaklarda jami 397 nafar yoshlar malakali pedagoglardan ta`lim olishmoqda.
To`garaklarga qatnashishni istagan 10 yoshdan 35 yoshgacha bo`lgan yoshlar o`zi istiqomat qilayotgan hududdagi “Yoshlar markazi”ning to`garaklariga a`zo bo`lishi va mutlaqo bepul tarzda ilm, kasb-hunar o`rganishlari hamda sport bilan shug`ullanishlari mumkin. Jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlar uchun hududiy bo`linmalarda sayyor to`garaklar ham tashkil etilgan.






