Joriy yilning 15—18 may kunlari O`zbekiston mudofaa vazirining qurol-aslaha va qurollantirish bo`yicha o`rinbosari polkovnik Oybek Ismoilov boshchiligidagi delegasiya Belarus Respublikasida bo`lib o`tgan “Milex—2019” qurol-aslaha va harbiy texnikalarning IX xalqaro ko`rgazmasida hamda mudofaa va xavfsizlik sohasidagi harbiy-texnik hamkorlik masalalari bo`yicha VIII xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
Shuningdek, delegasiya tarkibida O`zbekiston Mudofaa sanoati davlat qo`mitasi vakillari ham qatnashdi.
Ko`rgazmada turli davlatlarning korxonalarida (kompaniyalarida) ishlab chiqilgan harbiy mahsulotlar namoyish etildi.
Tashrif davomida O`zbekiston vakillari bir qator davlatlarning korxonalari (kompaniyalari) vakillari bilan muzokara o`tkazdi. Xususan, O`zbekiston delegasiyasi Belarus Respublikasining Davlat harbiy-sanoat qo`mitasi raisi R.Golovchenko va Belarus mudofaa vazirining qurol-aslaha bo`yicha o`rinbosari general-mayor S.Simonenko bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida O`zbekiston armiyasining muhandis-texnik qo`mondonlik tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilarni Belarus Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida o`qitish, ikki davlatning Mudofaa vazirliklari tizimlarida strategik darajadagi texnik ta`minotni tashkillashtirish, shuningdek, bo`linmalarda qurol-aslaha va harbiy texnikalarning qo`shin ta`miri bo`yicha kelishuvlarga erishildi.
Keyingi uchrashuv “Rosoboroneksport” vakillari bilan bo`lib o`tdi. Muzokaralar davomida mamlakatlarimiz o`rtasida harbiy-texnik sohasida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi kelishuvlar muhokama qilindi.
Shuningdek, O`zbekiston 558-son Aviasiya ta`mirlash zavodi hamda “140-son ta`mirlash zavodi” hamda Belarus Respublikasi boshqaruv tizimining “Agat” OAJ korxonalari bilan o`zaro istiqbolli hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati






