Bolalar va yoshlar o`rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning intellektual salohiyati va ma`naviy saviyasini yuksaltirish maqsadida “Yoshlar kutubxonasi rukni ostida 200 nomdagi kitoblarning chop etilishi rejalashtirilgan. O`zbekiston yoshlar ittifoqi kitoblarni chop etish uchun 10 mlrd.so`m mablag` ajratdi. 2018-2019 yillar davomida barcha umumta`lim maktablari va oliy ta`lim muassasalariga o`zbek mumtoz adabiyoti va jahon adabiyotining durdona asarlari etkazib beriladi. Ushbu kitoblar Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bo`ylab tarqatiladi.
—Kelgusi yilda kitoblarni rus va ingliz tillarida ham chop ettirish va chekka-chekka qishloqlarga etkazib berishni maqsad qilganmiz, – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o`rinbosari Dilnoza Kattaxanova.
Hozirda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qoshidagi «Yoshlar nashriyot uyi» da “Yoshlar kutubxonasi rukni ostida 47 nomdagi badiiy kitoblar 10 ming nusxadan jami 470 ming dona kitob holida chop ettirildi. Mazkur kitoblar to`plami O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`lim vazirligi orqali Respublikadagi 9636 ta maktab va 85 ta oliy ta`lim muassasalariga etkazib berilishi belgilangan.
—Badiiy asarlarning elektron variantidan ko`ra kitobning o`zini mutolaa qilgan ma`quldir. Asarning elektron shaklini o`qish qovun o`rniga qovun qoqisini eb, cheklanishdek gap, – deydi O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi boshqarma boshlig`i Otabek Bozorov.
Bugun O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan «Yoshlar press klubi»da O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`lim vazirligi bilan hamda O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tavsiyasi asosida shakllantirilgan «Yoshlar kutubxonasi» rukni ostidagi kitoblarni tegishli vazirliklar rahbarlariga topshirish marosimi bo`lib o`tdi. Unda bolalar yozuvchisi Xudoyberdi To`xtaboev, O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o`rinbosari Alisher Sa`dullaev, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi boshqarma boshlig`i Otabek Bozorov hamda O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o`rinbosari Minhojiddin Mirzolar ishtirok etdi.
—Har bir maktabda «Kitobxonlikka qaytyapmiz» degan yozuvli peshtaxtalar o`rnatilishi, kitobxonlikka bag`ishlangan tanlovlarni maktablarda ham muntazam o`tkazilishi yoshlarni bilim olishga bo`lgan ishtiyoqini oshiradi. Kitobxonlikda to`g`ri tanlov muhim ahamiyatga ega. Bunda yoshlarning qalbidan o`zi bir ohang keladi. Yoshiga va ruhiyatiga mos kitob tanlay olsagina, ularning ma`naviy chanqog`i bosiladi, – deydi adib Xudoyberdi To`xtaboev.
Shahnoza Nurullaeva






