O`zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kirib kelishiga sanoqli kunlar qolgan yangi – 2019 yil munosabati bilan maktabgacha ta`lim muassasalari hamda umumiy o`rta ta`lim maktablariga tashrif buyurib, u erda tarbiyalanayotgan va o`qiyotgan o`quvchi-yoshlarni bayram bilan tabriklamoqda.
Tashriflar davomida harbiy xizmatchilar va kursantlar tomonidan turli ko`ngilochar tadbirlar, o`yin-kulgiga boy bellashuvlar o`tkazilmoqda. Bu kabi tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida bir necha kundan buyon davomli tarzda amalga oshirib kelinyapti.

Joriy yilning o`tgan davrida respublikamiz bo`ylab 37 mingdan ortiq harbiy-vatanparvarlik yo`nalishidagi tadbirlar o`tkazilgani, Mudofaa vazirligi tomonidan yoshlar ishtirokida 200 dan ortiq “Ochiq eshiklar kuni“ tashkil etilgani, unda 20 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etgani yoshlarga qaratilayotgan e`tiborning yorqin namunasidir.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga ko`ra, shuningdek, joriy yilning 15 dekabridan 2019 yilning 15 yanvarigacha Vatanparvarlik oyligi doirasida o`rta maxsus, kasb-hunar kollejlari, umumta`lim maktablari hamda maktabgacha ta`lim muassasalarida “Mardlik va jasorat” darslari o`tkazilmoqda.










