Prezidentimizning 2016 yil 29 noyabrdagi “Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida bunyodkorlik ishlari qizg`in davom etmoqda. Bu haqda "O`zbekiston temir yo`llari" AJ axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu loyihaning uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etadi. Asosiy loyiha “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan bo`lib, unga ko`ra, ushbu yo`nalishdan 6 ta bekat o`rin olgan. Bekatlarda yo`lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus lift va eskalatorlar o`rnatiladi.
Sergeli metro liniyasining ahamiyatli jihati shundaki, u nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda ham bugungi kungacha qo`llanilmagan butunlay yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda.
Qurilishning boshidan to hozirgacha tajribali mutaxassislar tomonidan qurilish me`yorlar va texnik talablar asosida belgilangan jadval bo`yicha ishlar amalga oshirilyapti. Qurilish-montaj jarayonlari uchun zarur bo`lgan zamonaviy texnikalar va mexanizmlar olib kelindi.
Eslatib o`tamiz, Toshkent metropolitenining ushbu yangi liniyasi 2020 yilga qadar foydalanishga topshirilishi ko`zda tutilgan.






