Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida maxsus komissiya 2018-yil yakunlariga ko`ra mamlakatimizning eng yaxshi sportchisini aniqladi.
Joriy yilda o`tkazilgan jahon chempionatlari, Indoneziya mezbonlik qilgan XVIII yozgi Osiyo o`yinlari hamda Argentina qabul qilgan III o`smirlar o`rtasidagi Olimpiya o`yinlarida g`olib va sovrindor bo`lgan 28 nafar hamyurtimiz “Yilning eng yaxshi sportchisi” O`zbekiston Milliy kubogiga da`vogar sifatida e`tirof etilgan edi.
Nomzodlar orasida Osiyo o`yinlarida chempion bo`lgan, ko`plab xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashgan sportchilar nomi bor edi. Jumladan, Bekzod Abdurahmonov, Mo`minjon Abdullaev, Diyorbek O`rozboev, Isroil Madrimov, Svetlana Radzivil, Vadim Menkov hamda Denis Istomin kabi yulduzlar ham ro`yxatdan o`rin olgan edi.
1-10-noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo`lib o`tgan Jahon chempionatida 102 kilogrammgacha bo`lgan vaznda dast ko`tarishda jahon rekordini yangilab, oltin medal bilan taqdirlangan Akbar Jo`raev mamlakatimizda “Yilning eng yaxshi sportchisi” nomiga sazovor bo`ldi.
Eslatib o`tamiz, chempionatda 19 yoshli atletimiz ikkikurashda yoshlar o`rtasida jahon rekordini yangilab, amaldagi olimpiya o`yinlari chempioni hamda yoshlar o`rtasida jahon chempioni kabi kuchli raqiblarni ortda qoldirgandi. Shuningdek, Akbar Jo`raev shu yilning bahorida o`tkazilgan Osiyo chempionatida g`olib bo`lgan, yozda esa yoshlar o`rtasidagi jahon chempionatida kumush medalni qo`lga kiritgan edi.
Akbar Jo`raev “Yilning eng yaxshi sportchisi” O`zbekiston Milliy kubogi, belgilangan namunadagi guvohnoma hamda 10 ming AQSh dollariga teng miqdorida pul mablag`i bilan taqdirlandi.






