Davlatimiz rahbarining 2016 yil 7 dekabrdagi “O`zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to`g`risida”gi qarori asosida o`zbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo`shgan adib ijodiy merosini o`rganish va uni yoshlarga etkazish yo`lida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz shu yil 12-13 iyun kunlari Farg`onaga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida bundan buyon har yili 25-27 dekabr kunlari Farg`onada Erkin Vohidov tavallud ayyomiga bag`ishlangan Adabiyot kunlarining o`tkaziladigan bo`ldi, deb xabar bermoqda "Xalq so`zi" nashri.

Adabiyot kunlari dastlab shu yilning 25 dekabr kuni Ho`qandi latifda keng nishonlandi. “Erkin Vohidov kunlari” doirasidagi tadbirlarning ikkinchi kunida ijodkorlar Marg`ilon shahridagi ijodkorlar bog`ida dastlab shoir haykali poyiga gul qo`ydi. Ijodkorlar Erkin Vohidov nomidagi bog`, O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi Farg`ona filialining yangi binosi, shoirning memorial muzeyi, majmua tarkibidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o`qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat bilan tanishdilar. Adabiyot bayrami ishtirokchilari tadbir avvalida shoir ijodidan namunalar va rasmlar ko`rgazmasini ko`zdan kechirdilar.

- Erkin Vohidov Respublikamiz yoshlarining birinchi jurnali “Yoshlik”ning asoschisi, – deydi , “O`zbekiston adabiyoti va san`ati” gazetasi bosh muharriri O`ktam Mirzayor. – U rus shoiri Sergey Eseninning she`rlarini ham buyuk mahorat bilan o`zbek tiliga tarjima qilgan. Shoir inson ruhiyatining nozik va ilg`ash mushkul manzaralarini ta`sirchan aks ettiradi. Odamni komil ko`rmoq istagi uning she`rlari asosini tashkil qiladi.
Adabiy tadbirdan so`ng Farg`ona davlat universitetida shoir adabiy merosiga bag`ishlangan ilmiy-anjuman bo`lib o`tdi.






