2018 yilning 15 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasining Amerika Qo`shma Shtatlaridagi elchisi Javlon Vahobov Turkiston — Amerika uyushmasi prezidenti Abdulla Xo`jaga “Do`stlik" ordenini topshirdi, deb xabar bermoqda TIV.
O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11 dekabr kuni Abdulla Xo`jani milliy qadriyatlar hamda an`analarni avaylash, AQShdagi vatandoshlarni jipslashtirish, O`zbekiston va Amerika xalqlari o`rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi fidokorona xizmatlari uchun «Do`stlik» ordeni bilan taqdirlashga oid farmonni imzoladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkka va joriy yilning may oyida AQShga rasmiy tashrifi chog`ida Amerikada yashayotgan o`zbekistonliklar bilan bo`lib o`tgan uchrashuvlari xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan munosabatlarning bugungi kunda davlat siyosatida o`ta muhim ahamiyat kasb etayotganligini ko`rsatdi.
Turkiston — Amerika uyushmasi 1958 yili Filadelfiya shahrida AQSh va Kanada davlatlaridagi Markaziy osiyolik muhojirlarni birlashtirgan ilk va to`laqonli uyushmalardan biri sifatida tashkil etilgan.
Bugungi kunda Turkiston — Amerika uyushmasi a`zolarining 80 foizidan ko`prog`i AQSh va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlardir.
Uyushma prezidenti Abdulla Xo`ja AQSh fuqarosi, ota-onasi asli o`zbekistonlik, XX asr boshlarida Turkiston o`lkasida yuz bergan siyosiy o`zgarishlar tufayli avval Afg`onistonga, so`ngra AQShga ko`chib borishgan.






