O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov O`zAga joriy yilda xalq ta`limi tizimida qanday islohotlar amalga oshirilgani haqida so`zlab berdi:
– Joriy yildan boshlab o`qituvchilarni majburiy mehnat va majburiy obuna, turli yig`ilishlarga jalb etish to`xtatildi. Endi o`qituvchilarimiz majburiy hasharlarga, paxta terimu yo`l ta`mirlanishlariga jalb qilinmaydi.
Ta`lim sifatini yanada yaxshilash maqsadida ustozlar yuritadigan hujjatlar soni 7 tadan 3 taga qisqartirildi. Shu bilan birga, maktablarning tekshirish soni 26 baravar kamaydi. Bu degani o`qituvchining dars jarayonlariga hech kim behudaga aralashmaydi, degani.
Bugungi kunda oylik maoshlar toifaga qarab 40 foizdan 72 foizgacha oshdi. Psixologlar ish haqi 103 foiz, maktab direktori va o`rinbosarlari, Axborot-resurs markazi rahbari va kutubxonachilar maoshlari 33 foiz ko`tarildi.
Xalq ta`limi tizimi sohasi xodimlari uchun imtiyozli ipoteka, iste`mol kreditlari, jumladan, avtokreditlar, ularning oila a`zolari tadbirkorlik faoliyatini yuritishlari uchun kredit mablag`lar ajratish mexanizmlari ishlab chiqilib amaliyotga tatbiq etildi.
Kasaba uyushmalari federasiyasi ko`magida ta`lim rivojiga munosib hissa qo`shgan, davlat mukofotlariga sazovor bo`lgan 70 nafar pedagog kadrga har yili davlat va xo`jalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sog`lomlashtirish muassasalariga imtiyozli va bepul yo`llanmalar taqdim etiladi. Bu yil ilk bor Kasaba uyushmalari federasiyasi homiyligida “Yil fan o`quvchilari” 10 million so`m mukofot puli bilan taqdirlandilar.
2016 — 2018 yillarda 65 ta yangi maktab qurildi va 15636 ta qo`shimcha o`quvchi o`rni yaratildi.
Shuningdek, so`nggi 3 yilda investisiya va “Obod qishloq” (“Obod mahalla”) davlat dasturlari asosida 1 691 ta ta`lim muassasasida 1.5 trln. so`mdan ortiq mablag` yangi qurilish, kapital va mukammal ta`mirlash uchun sarflandi. 2018 yilda bu dasturlar asosida 24 ta maktab yangidan qurilib foydalanishga topshirildi.
O`quvchilar sonini ko`payishi hamda shart-sharoitlarning yaxshilanishi natijasida 43 ta maktab filiallari umumta`lim maktablariga aylantirildi (2016 yilda 1138 ta, 2017 yilda 1348 ta, 2018 yili 1299 ta filial bo`lgan).
Bundan tashqari, 2018 yilda mahalliy byudjet mablag`lari hisobidan 1815 ta maktab joriy ta`mirdan chiqarildi va buning uchun 189 mlrd. so`m mablag` sarflandi.
Albatta, 11 yillik majburiy ta`lim tizimiga o`tilishi munosabati bilan xalqaro tajribani o`rgangan holda 2017 yili 10 – 11 sinflari uchun yangi o`quv rejasi ishlab chiqildi va unda o`quv fanlari 23 tadan 12 taga optimallashtirildi.
2017 yilda 10 sinflar uchun 140 nomdagi jami 9 million nusxada, 2018 yilda 11 sinflar uchun 137 nomdagi jami 9,7 million nusxada darsliklar chop etildi.
2017 – 2018 o`quv yilidan boshlab 11 yillik majburiy umumiy o`rta ta`lim tizimiga o`tildi. Hozirda maktablarda 736 185 nafar o`quvchilar 10 – 11 sinflarda ta`lim olmoqda.
Shuningdek, 11 yillik majburiy ta`lim tizimiga o`tilishi munosabati bilan o`quvchilarni kasb-hunarga o`rgatish tizimining yangicha mexanizmi joriy etilib, 2018/2019 o`quv yilida 10 – 11 sinf o`quvchilari kasb-hunar kollejlari bazasida 2018 yilda 333 ta ta`lim muassasalarini kasblar bo`yicha 489 ta sinflar to`plami bilan jihozlandi.
2019 yildan boshlab, 635 ta maktabda tashkil etilgan va minimum darajada jihozlangan o`quv-ishlab chiqarish majmualariga mavjud kasblar bo`yicha 2,1 mlrd. so`mlik xomashyo etkazib berish ko`zda tutilmoqda.






